Joriy yilning 10 oyi davomida O‘zbekiston hududida 9384 ta yong‘in sodir bo‘lib, ularda 88 kishi halok bo‘ldi, 240 kishi jarohatlandi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.

Jami yong‘inlarning 69,3 foizi aholi punktlarida, 9,5 foizi tadbirkorlik sub’ektlari ob’ektlarida, 5,3 foizi transport vositalarida va 1,3 foizi davlat ob’ektlarida sodir bo‘ldi.

Yong‘inlarga asosan ochiq olov bilan ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish (38,9%), elektr uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish (30,1%), nosoz isitish pechlari (11,1%), bolalar o‘yinqaroqligi (9,9%) va transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish (4%) sabab bo‘lgan.

O‘t o‘chiruvchilarning tezkorligi natijasida 35 kishi, 1271 ta hayvon, 123 dona turli texnikalar, shuningdek, 298 mlrd so‘mdan ziyod qiymatdagi bino va inshootlarning qurilish konstruksiyalari hamda 95 mlrd so‘mlik mol-mulk qutqarildi.