Joriy yilning oktyabr oyi davomida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus garnizoniga kelgan Turkiya davlati vakillari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan trening mashg‘ulotlarini o‘tkazishdi. Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Yaqin janglarni olib borishning o‘ziga xos xususiyatlari, tunggi operatsiyalarni bajarish hamda bir qator boshqa mavzular bo‘yicha o‘tgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar ikki mamlakat harbiy mutaxassislari uchun o‘zaro tajriba almashish hamda bugungi zamonaviy to‘qnashuvlar va ularda harakat qilish haqida ko‘proq ma’lumot olish imkonini berdi.

Bugun, 1 noyabr kuni mazkur trening yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriyev ishtirok etib, O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasidagi mustahkam aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini e’tirof etdi. U o‘zbek va turk xalqlarini ular o‘rtasidagi mehr-oqibat, do‘stlik va birodarlik kabi rishtalar birlashtirib turishini ta’kidlab o‘tdi.

Qo‘mondon o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar bilan bir oy davomida trening mashg‘ulotlarini sifatli o‘tkazgani uchun Turkiya harbiylariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Shundan keyin Turkiya vakillari o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarga trening mashg‘ulotlarini yakunlagani munosabati bilan sertifikatlarni topshirdi. Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi qardosh xalq vakillarini o‘zbek va qoraqalpoq udumlari bo‘yicha kuzatishdi.