O‘zbekiston xalqi xavfsiz va ishonchli transport xizmatlariga loyiq, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishi qurilishi jarayoni bilan tanishar ekan.

«Nima uchun biz loyihani qayta tikladik (Shavkat Miriyoyev 2016 yil sentyabrda prezident v. b. bo‘lgan vaqtda to‘xtatib qo‘yilgan loyihani qayta tiklagan edi — tahr.)? Chiroy uchun emas, balki odamlarga sharoit yaratish uchun», — dedi davlat rahbari. Qurilish maydoniga tashrif «O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturida namoyish etildi.

«Metro faqat metro uchun qurilmaydi, u hayotning ma’nosini o‘zgartirishi kerak, u foydalanish uchun qulay bo‘lishi kerak. Arzon, qulay va xavfsiz. Yer osti metrosi ur usti metrosi bilan birlashgan vaqtida ekologiyaning qanday o‘zgarishini tasavvur qiling», — dedi u.

Prezident: «Ushbu tajribani bosqichma-bosqich viloyatlarda ham joriy etishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi.

Yunusobod tarmog‘ini uzaytirish loyihasi qiymati 103,8 mln dollarni tashkil etadi (51 mln dollar — davlat byudjetidan, 52,8 mln — Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan), qurilish boshlangan vaqtdan buyon 67,5 mln dollar o‘zlashtirildi.

Hozirgi Shahriston stansiyasidan Yunusobod va Turkiston stansiyalarigacha 2,9 km yo‘llar yotqizildi. Tunnellardan birining temir-beton konstruksiyalari bilan burg‘ulash va mustahkamlash ishlari yakunlandi, ikkinchi tunnelni burg‘ilash ishlarini esa 10 noyabrga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Tunnel Germaniyadan olib kelingan Herrenknecht majmuasi yordamida yopiq usulda qurilmoqda. Loyiha bo‘yicha 1500 nafar mutaxassis ishlaydi, 40 dan ortiq texnika va mexanizmlar jalb qilingan.

Shavkat Mirziyoyev bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, transport vaziri Achilbay Ramatov bilan.

Bir guruh chet ellik va o‘zbekistonlik mutaxassislar loyiha menejeri, DB Engineering and Consulting (Deutsche Bahn) vakili Yakub Shons rahbarligida ishlamoqda.

«Ishonch bilan ayta olamanki, qurilish xalqaro standartlarga to‘la mos keladi», dedi u telekanalga bergan intervyusida.

«Loyihalashtirish bosqichida O‘zbekiston tomoni bizga ikkita masala bo‘yicha yordam so‘rab murojaat qildi: eng yangi tunnel qazish mashinasini yetkazib berish hamda loyiha ustidan nazoratni, ya’ni loyihaning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash. Biz nafaqat qurilish sifatini nazorat qilamiz, balki o‘zbekistonlik mutaxassislarni ham tayyorlaymiz», — dedi mutaxassis.

DB Engineering and Consulting mutassisi quyidagilarni ta’kidladi: «Birinchidan, biz konstruksiyalar, tutashuv qismlari, beton aralashmaning sifati, uning mustahkamligi va chidamliligi, kabel o‘tkazgichlari va yong‘inga qarshi tizimlari uchun javobgarmiz. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, hammasi yuqori darajada».



Bugungi kunda Toshkent metrosidan kuniga 240 ming yo‘lovchi foydalanmoqda. Uchta yangi uchastkaning (Yunusobod, Chilonzor liniyasini Sergeli tumanigacha uzatish va Do‘stlik stansiyasidan Qo‘yliqqacha metro ochilishi) ishga tushirilishi bilan bu ko‘rsatkichni 500 mingga yetkazish rejalashtirilmoqda. Kelgusida Chilonzor liniyasining Buyuk Ipak Yo‘li stansiyasidan TTZ avtovokzaligacha uzaytirilishi hamda yer usti halqa metrosi qurilishi tugallanishi hisobga olinsa, u 2 million yo‘lovchiga ko‘payishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev poytaxt aholisining 30 foizi metro xizmatlaridan foydalanishini ta’minlash vazifasini yukladi.

U bugungi kunda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish darajasi talablarga javob bermasligini ta’kidlab, tajribali menejerlar va marketologlarni jalb qilishni tavsiya qildi. Yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish uchun jamoat transporti yo‘nalishlari va yo‘l haqini to‘lash tizimini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.