O‘zbekiston hukumati xorijdan Samarqandga charter va muntazam aviaqatnovlar sonini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasining 30 sentyabrdagi Samarqand viloyatining turistik salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hukumat Transport vazirligiga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy aviakompaniyalar bilan mavjud turistik talablardan kelib chiqqan holda istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha yangi aviaqatnovlarni ochish to‘g‘risida muzokaralar olib borishni topshirdi.

Ushbu muddatda mahalliy va xorijiy turistik kompaniyalar arizalari bo‘yicha chet ellik turistlarni tashish uchun Samarqand aeroportiga charter reyslarini tashkil etishlari lozim.

Bundan tashqari, Transport vazirligiga Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kompaniyalari bilan birgalikda sayyohlar oqimini oshirish MDH, Xitoy, Indoneziya, BAA, Bangladesh, Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropa davlatlaridan Samarqandga aviayo‘nalishlar ishlab chiqish topshirildi.