Toshkentning Shayxontohur tumanidagi Mont Blanc plastik xirurgiya klinikasida ikki bemor ayol jarrohlik amaliyotidan so‘ng hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Bosh prokuratura ayollarning o‘lim sanalariga aniqlik kiritmagan. «Ozodlik» radiosi ma’lumotlariga ko‘ra, bemorlar 19 va 24 avgust kunlari vafot etgan.

Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan bemor L.A. (1976 y.t.) xususiy klinikaga burun to‘sig‘idagi shikoyati bilan murojaat qilib, uning roziligi bilan klinikada tashqi burun deformatsiyasi va burun to‘sig‘i qiyshayishi to‘g‘irlash bo‘yicha shifokorlar tomonidan jarroxlik amaliyoti o‘tkazilib, burun to‘sig‘i qiyshayishi to‘g‘irlangan.

Jarroxlik amaliyotidan so‘ng bemor mustaqil nafas olishga o‘tkazilgan va bemorga antibakterial davo maqsadida tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, bemorning axvoli keskin og‘irlashgan va chuqurlashtirilgan tekshirishlar o‘tkazish maqsadida RSHTYOIMga olib borilgan.

Markaz shifokorlari tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemor shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Sud tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, L.A. o‘limi «bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi natijasida yuzaga kelgan chap bosh miya yarimsharlari asosini gemorrogik insult»dan yuz berganligi qayd qilingan.

Bundan tashqari, bemor Sh. G.ga (1999 y.t) Mont Blanc xususiy shifoxonasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish vaqtida unga yuborilgan narkoz noto‘g‘ri ta’sir qilishi natijasida ahvoli og‘irlashgan va uni zudlik bilan Olmazor tumanida joylashgan Akfa medline xususiy shifoxonasiga olib kelinib, unga kerakli tibbiy muolajalar amalga oshirilganligiga qaramasdan, bemor Sh. G. ushbu shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

«Gazeta.uz» ma’lumotlariga ko‘ra, Sh. G. homilador bo‘lgan.

Hozirda ikkala holat yuzasidan Shayxontohur tumani prokuraturasi tomonidan tergov oldi tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, jarroxlik amaliyoti bo‘yicha O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga xizmat tekshiruv tayinlangan.