30 sentyabr kuni Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan hududlardan tashqari Samarqand shahridagi yer uchastkalari mehmonxonalar qurish uchun «E-IJRO AUKSOIN»da elektron onlayn-auksion orqali jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etiladi.

Shuningdek, 2019−2021 yillardaxususiy investorlarni jalb qilgan holda shaharning «Universitet hiyoboni», I. Karimov, A. Navoiy va Pushkin ko‘chalarida turizm infratuzilmasi tashkil etiladi.

Qarorga ko‘ra:

  • «Bog‘i baland» va «Bog‘i Shamol» bog‘lari joylashgan joyni aniqlash orqali qayta tashkil etiladi va tarixiy qiyofasi qayta tiklanadi;
  • «Sheroz qal’a» , «Dobussiya», Revdat shaharchasi — Kofir qal’a, Afrosiyob shaharchasidagi arxeologik yodgorliklar YUNESKO bilan kelishgan holda restavratsiya qilinadi;
  • arxeologik yodgorliklar hududida «ochiq osmon ostidagi» muzeylar tashkil qilinadi va tashrif buyuruvchilarni elektron hisobga olish tizimi joriy etiladi.

1 oktyabrdan boshlab, turizm mavsumi davomida (mart-noyabr) «Registon» kompleksi har kuni soat 7:00 dan 24:00 gacha ishlaydi.