Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi chorva eksportiga taqiq joriy etishni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi «Kazinform» agentligi.

Qozog‘iston parlamenti Senatining Agrar masalalar, tabiatdan foydalanish va qishloq hududlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha qo‘mitasining kengaytirilgan majlisida agrosanoat majmuasini nazorat qilish masalalari bo‘yicha bir qator qonun hujjatlariga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Unda senator Ali Bektayev mamlakat go‘shtga qaraganda chorva mollarini ko‘proq eksport qilayotganini xabar qildi.

«Bu ham yirik chorva, ham qo‘ylar. Joriy yilning o‘zida chorva eksporti ikki barobarga o‘sdi. Ushbu yo‘nalishdagi eksport siyosatini o‘zgartirish zarur», — dedi u.

Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri Saparxan Omarov mamlakatda sigirlarni olib chiqishga taqiq joriy etilganini ma’lum qildi.

«Respublika bo‘yicha 78 ta chorvachilik majmualari mavjud bo‘lib, ular orqali asosan O‘zbekistonga chorvalar eksportga yo‘naltiriladi. Biz ulardan 50 tasiga xorijga chorva sotishni taqiqlashni rejalashtirmoqdamiz, chunki hozirda oqimni kuzata olmayapmiz, keyin esa vaziyatni nazoratda ushlab turamiz», — dedi u.

Saparxan Omarov ayni paytda go‘sht kombinatlari bilan ularga chora yetkazib berishga subsidiyalar joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ta’kidladi.

«Shu kabi usullar bilan ushbu masalani hal etishni xohlaymiz. Bugungi kunda mamlakatda 175 ta qayta ishlovchi korxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ular bor-yo‘g‘i 38−40 foiz quvvatda ishlamoqda», — deb tushuntirdi vazir.

Javob tariqasida deputatlar chorva eksportiga to‘liq taqiq qo‘yishni taklif qilishdi, deya xabar berdi «Kazinform».

Avvalroq yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston 59,3 mln dollar evaziga 72,2 ming bosh yirik shoxli chorva eksport qilgani, uning 63,6 ming boshi (umumiy eksportning 84,5 foizi) Qozog‘istondan ekani xabar qilingan edi.

Yarim yil davomida 13,1 mln dollarlik 159,2 ming bosh jonli qo‘y va echki ham import qilingan. Bunda import hajmining 96,6 foizi — 153,9 ming bosh qo‘y va echki 12,2 mln dollar evaziga Qozog‘istondan olib kelingan.

Iyun oyi oxirida Qozog‘istonda olti oy muddatga jonli chorvani olib chiqishni taqiqlash to‘g‘risidagi buyruq loyihasi ishlab chiqilayogani haqida ma’lum bo‘lgan edi. Bunga O‘zbekistonda fermerchilikni rivojlantirish, uning doirasida («Har bir oila — tadbirkor» dasturi) aholiga boshqa davlatlardan chorva sotib olishga imtiyozli kreditlar ajratilayotgani haqidagi xabarlar sabab bo‘ldi. Fermerlar jadallik bilan Qozog‘istonda bozor narxidan 5−10 foiz qimmatiga chorva sotib olishni boshladi.

Agarda o‘tgan yili Qozog‘istondan O‘zbekistonga 50 ming boshga yaqin yirik shoxli jonli chorva sotib olingan bo‘lsa, joriy yilning olti oyida bu ko‘rsatkich 63,5 ming boshga yetgan. Mazkur holat Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan qaltis vaziyat sifatida baholandi.