2019−2020 yillarda Samarqand xalqaro aeroportida xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish uchun yangi terminal quriladi va uchish-qo‘nish yo‘lagi rekonstruksiya qilinib, samolyotlar turargohini kengaytiriladi hamda radiolokatsiya tizimlari takomillashtiriladi. Yangi qoplama yotqiziladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur loyihalar amalga oshgach, aeroportda soatiga 600 nafar xorijiy va mahalliy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Aeroport zamonaviy qiyofaga kirgandan so‘ng bir kunda 20 dan ortiq reys amalga oshiriladi.

Prezidentning Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Samarqand xalqaro aeroportini zamon talablariga mos darajada rekonstruksiya qilish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish, qolaversa sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun yangi loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berilgandi.

Mazkur vazifa ijrosi doirasida Samarqand xalqaro aeroportida soha mutasaddilari ishtirokida belgilangan loyihalar o‘rganib chiqildi va yuqoridagi variant tanlandi.