10 sentyabr kuni Forish tog‘ dala-o‘quv maydonida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning armiyalari o‘rtasida shtatdagi qurollardan otish chempionatiga start berildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Mazkur chempionatda 6 davlat — O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belaruss va Tojikiston respublikasidan kelgan harbiy jamoalar ishtirok etmoqda. So‘nggi yillarda respublikamizda xalqaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, harbiy sohada olib borilayotgan xalqaro hamkorlik masalalari rivojlanishning yangi bosqichga ko‘tarilgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Harbiy xizmatchilar nafaqat jangovar tayyorgarligi, balki jismoniy tayyorgarligida ham xalqaro maydonda nimalarga qodir ekanini amalda isbotlamoqda.

Chempionatning ochilish marosimida so‘z olganlar hambu boradagi yutuqlar va erishilgan natijalarga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Musobaqa nafaqat g‘oliblarni aniqlaydi, balki harbiy xizmatchilar o‘rtasida hamjihatlik, do‘stona munosabat, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini yaratishi bilan hamahamiyatlidir. Bunga urg‘u bergan ma’ruzachilar barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Shu kuni musobaqaga qur’a tashlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.