Yesemurat Sultamuratovich Kanyazov O‘zbekiston prezidentining 27 avgustdagi qarori bilan adliya vaziri o‘rinbosari — Toshkent davlat yuridik universitetining rektori lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram-kanalida xabar qilindi.

O‘zbekiston adliya vazirining 29 avgustdagi buyrug‘i bilan Yesemurat Kanyazov Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Yesemurat Kanyazov (1971 yilda tug‘ilgan, Moskva davlat avtomobil-yo‘l instituti (1993) va Qoraqalpog‘iston davlat universiteti (1999) bitiruvchisi) — 2013 yildan buyon TDYUU rektori lavozimida ishlab kelayotgan edi. 2017 yilning 28 aprelida prezident qarori bilan adliya vaziri o‘rinbosari — Toshkent davlat yuridik universiteti rektori etib tayinlangan.

Avval u adliya vazirining birinchi o‘rinbosari (2011−2013 yillarda) va vazir o‘rinbosari (2005−2011) lavozimlarida faoliyat olib borgan. Adliya vazirligi tizimida 1996 yildan buyon mehnat qiladi.