Navoiy kon-metallurgiya kombinati Uchquduqda oltin rudalarini qayta ishlaydigan yangi majmua ishga tushirdi, deya xabar qildi korxona matbuot xizmati.

Majmua «Ko‘kpatas» va «Dovgiztov» konlarining ishlash qiyin bo‘lgan rudalaridan oltin ajratib olish texnologiyasini takomillashtirishga qaratilgan eng istiqbolli investitsion loyihalardan biri bo‘lib, o‘zining ilg‘or muhandislik-texnik yechimlari, texnologik jihozlanish darajasi bilan noyob ekanligi bilan ajralib turadi. Kelgusida xom ashyodan foydalanish samaradorligini 8 foizgacha, tayyor mahsulot ishlab chiqarishni 11 foizga oshirishi kutilmoqda. Shuningdek, 150 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

NKMK ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu yangi va zamonaviy ishlab chiqarish majmuasini barpo etishda Germaniyaning «Engineering Dobersek» va «Eirich», Italiyaning «Tenova», Avstriyaning «Cemtec» singari yetakchi xorijiy kompaniyalari, shuningdek, Zarafshon qurilish boshqarmasining «Promelektromontaj» tresti, «Shimoliy» qurilish-montaj boshqarmasi, «Elementqurilish» sho‘’ba korxonasi, «Navoiy mashinasozlik zavodi» ishlab chiqarish birlashmasi hamda «Elektroizolit» mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi kabi tashkilotlardan mutaxassislar, loyihachilar, quruvchilar faol ishtirok etdi.

Kombinat 2017−2026 yillarda umumiy qiymati 3 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan 27 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilib, yangilarining barpo etilishi kombinat faoliyati samaradorligini 30 foizga oshirib, qshimcha 31 mingga yaqin ish o‘rinlarini ochishga imkon beradi.