Joriy yil 26 avgust kuni Pekinda O‘zbekiston — Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining beshinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (O‘zmilliybank) 500 million Xitoy yuanida kredit liniyasini jalb qilish uchun Xitoy Davlat taraqqiyot banki (XDTB) bilan kredit shartnomasini imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ushbu shartnoma ikki bank o‘rtasidagi yettinchi kelishuv bo‘lib, bu o‘zaro hamkorlik mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. XDTB bilan hamkorlikda ishlash tajribasi O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining barcha sohalarida muhim investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish samaradorligini namoyish etadi. Shu bilan birga, Xitoy yuanida kredit bitimining imzolanishi O‘zmilliybankning Xitoy yetakchi moliya instituti bilan hamkorlik tarixidagi birinchi hujjatdir.

Xitoy yuanida moliyalashtirishni jalb qilishning asosiy afzalligi LIBOR stavkasidagi sakrashlarga bog‘liqlik yo‘qligi. Bundan tashqari, yuandagi tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblar boshqa davlatlar valyutalarida to‘lovlarni amalga oshirishda valyuta konversiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytiradi. Xitoy yuanidagi kreditlar kursning o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni kamaytiradi va O‘zmilliybank mijozlariga uzoq muddatli moliyalashtirishda yanada qulay shart-sharoitlarni taqdim etadi.

Shu bilan birga, ushbu kelishuv Xitoy yuanida yangi to‘lov usullaridan foydalanishni nazarda tutadi. O‘z navbatida, Xitoy yuanidagi to‘lovlar Xitoyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beruvchining hisobiga o‘tkaziladi. Bu esa ikki mamlakat va sheriklar o‘rtasidagi to‘lovlarni amalga oshirish vaqtini sezilarli darajada kamaytiradi.

Moliyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarga va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga yangi turtki beradi, shuningdek, qulay shart-sharoitlarda kredit resurslarini jalb qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa O‘zbekistonda yangi yirik investitsiya imkoniyatlarini yuzaga keltiradi.

Ma’lumot o‘rnida: Xitoy Davlat taraqqiyot banki 1994 yil mart oyida yirik sanoat tarmoqlarini, shu jumladan, energetika va transportni rivojlantirishni modernizatsiya qilish va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirilgan davlat loyihalarini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan. Xitoy moliya institutining asosiy maqsadi iqtisodiyot rivojlanishi va strategik tarkibiy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlab, markaziy hukumatning makroiqtisodiy siyosatini tartibga solish. XDTBning asosiy faoliyati uzoq muddatli kredit berish va obligatsiyalar chiqarishdir.