28 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Timoti Torlotni qabul qildi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Elchi ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston — Buyuk Britaniya hamkorligini yanada rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarning dinamik xarakteri va O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining 9−12 iyul kunlari Londonga qilgan tashrifining samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniyaning siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish uchun mavjud ulkan salohiyatni ro‘yobga chiqarishdan manfaatdorligi tasdiqlandi.

Timoti Torlot 1981 yildan buyon diplomatik xizmatda faoliyat ko‘rsatmoqda. Buyuk Britaniyaning Ummon, Yangi Zelandiya, Chili, Iroq (elchi o‘rinbosari) va Yamandagi (elchi) elchixonalarida ishladi, shuningdek, TIV tuzilmasida turli lavozimlarni egalladi. 2016 yildan Arabiston yarim orolidagi bo‘limi hamda Eron Forin-ofisida mehnat qildi.