O‘zbekistonda sholi hosilini oshirish uchun Janubiy Koreyaning Tong Yang Moolsan kompaniyasining PF-48 plantatorlari yordamida ko‘chat ekish usulidan foydalanish rejalashtirmoqda. Mazkur texnologiya urug‘larni 75 foizgacha iqtisod qilish, suvni esa 25 foizgacha tejashga imkon beradi, deya xabar qildi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ma’sud Sattorovning qayd etishicha, bugungi kunda bir gektar yerga o‘rtacha 12 soatda urug‘ qadalsa, endilikda qo‘l boshqaruvidagi mashina yordamida bir gektar yerga 1−2 soatda sholi ekish mumkin bo‘ladi.

«Sholi ko‘chatlarini ekish urug‘ ekishdan ancha samarali. Bugun 95 foiz sholi hosili ko‘chat ekish usulida yetishtirilmoqda», — dedi u.

Joriy yilda respublikada 114 ming gektar maydonga sholi ekish rejalashtirmoqda. Ushbu maydonlarning 57,9 ming gektari asosiy ekin maydonlari bo‘lsa, 56,1 ming gektari g‘alla ekinlaridan bo‘shagan yerlardir, deya qayd etdi matbuot xizmati.