15 avgustdan Ai-91 rusumli benzin narxi birja savdolari orqali belgilanadi. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 30 iyuldagi «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari va tariflarini o‘zgartirish to‘g‘risida"gi qarorida bu haqda so‘z boradi.

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasining «Gazeta.uz"ga izoh berishicha, Ai-91 endilikda qat’iy o‘zgarmas narxda sotilmaydi. Hozirda uning bir litri 4500 so‘mdan.

«Ai-91 benzinini sotayotgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari endilikda uni birja savdolaridan sotib oladi va o‘z xarajatlaridan kelib chiqqan holda narxlarni mustaqil ravishda belgilaydilar. Avvallari benzin to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha hukumat belgilagan narxlarda sotib olingan», — deya qayd etdi kompaniya.

15 avgustdan yuqorida tilga olingan qarorga ko‘ra, Ai-80 benzini 4500 so‘mdan (aksiz solig‘i bilan, hozirda — 4000 so‘m), dizel yoqilg‘isi — 5400 so‘mdan (4800), EKO dizel yoqilg‘isi — 5700 so‘mdan (4900) sotiladi.

Ayni vaqtda Ai-91 benzini avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalariga 3793,5 so‘mdan (bir litri uchun) sotilmoqda.

«Narxlar savdo birjalarida bozor kon’yukturasi, talab va taklifdan kelib chiqqan holda erkin o‘rnatiladi. Avvallari 4500 so‘mdan 285 so‘m iste’mol solig‘i (hozirgi aksiz solig‘i), undan yana 10 foiz olinar edi. Shunday tushuncha bor: „AYOQSH chegirmasi“ — avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalariga xizmat ko‘rsatishga beriladigan summa. Ya’ni, „O‘zneftmahsulot“ iste’mol solig‘i olingani uchun 10 foizlik chegirma beradi. Yakunda qiymat 3793,5 so‘mni tashkil etadi», — deya izoh berdi kompaniya.

«O‘zbekneftgaz» fikricha, erkin narx AYOQSHlar o‘rtasidagi raqobatni rag‘batlantiradi. Ai-95 va Ai-98 benzinlari esa avvalgidek bozor narxida sotiladi.

Respublika tovar-xom ashyo birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 22−26 iyul kunlari Ai-91 avtobenzini narxi bir tonna (1293 litr) uchun 7,1 mln so‘m yoki taxminan bir litri uchun 5492 so‘mni tashkil etgan. O‘tgan hafta davomida birjada benzin kotirovkasi 20,7 foizga o‘sgan.

O‘zbekistonda avtobenzinlar (Ai-80, Ai-91, Ai-92 va Ai-95) va dizel yoqilg‘isi Farg‘ona va Buxoro neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqariladi.