O‘zbekiston hukumati 1 yanvar kuni Toshkentning Yunusobod tumanida boshlangan aholi uchun elektr energiyasi iste’moliga bazaviy normalarni joriy etish bo‘yicha tajriba natijalarini ijobiy qabul qildi. Vazirlar Mahkamasining 30 iyuldagi «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari va tariflarini o‘zgartirish to‘g‘risida"gi qarorida bu haqda so‘z boradi.

Hujjatda energetika, moliya, iqtisodiyot va sanoat vazirliklari hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasiga bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’molining bazaviy normalarini qo‘llash mexanizmlari va miqdorlari to‘g‘risidagi takliflarni kiritish topshirildi.

Bunda bir oyda 250 kVt·soatdan ortiq (Yunusobod tumanida — 300 kVt·soat edi) elektr energiyasini iste’mol qiladigan maishiy abonentlar uchun belgilangan tarifga 1,5 baravardan ortiq (tajribada — 1,2 baravar) bo‘lmagan oshiriluvchi koeffitsiyent qo‘llanilishi nazarda tutiladi.

Avvalroq energetika vaziriAlisher Sultonov Yunusobodda elektr energiyasi va gaz iste’molining bazaviy normalarini joriy etish tajribasi muvaffaqiyatli yakunlanganini ma’lum qilgan edi.

«Pul mablag‘lari tushumi 60 foizga oshib, yo‘qotish keskin qisqardi. Tajriba o‘zini oqlagani uchun yil oxiriga qadar uni Toshkent, qisman Samarqand, Buxoro va Jizzaxda joriy etish rejalashirilmoqda», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 15 avgustdan O‘zbekistonda benzin va dizel yoqilg‘isi, gaz va elektr energiyasi, ko‘mir, issiqlik ta’minoti va suv ta’minoti, shuningdek jamoat transporti tariflari oshiriladi.