Sobiq bosh prokuror Otabek Murodovga qarshi jinoyat ishi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev ishi doirasida ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz» muxbiriga xabar qildi.

Otabek Murodovning vazifasidan ozod qilingani 20 iyun kuni ma’lum bo‘lgan edi. Bir kun so‘ngra O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sobiq bosh prokurorning poraxo‘rlikda ayblanayotgani, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» axborot manbalari iyul oyi o‘rtalarida O‘zbekiston harbiy sudida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev ishi bo‘yicha yopiq sud majlisi boshlanganini ma’lum qildi. DXXning sobiq raisi ishi bo‘yicha jami 10 nafardan ortiq kishi, jumladan DXX rahbarining sobiq birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamov va Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Bahodir Dehqonov ham sud qilinmoqda.