O‘zbekistonning Xitoy va Mo‘g‘ulistondagi elchisi Baxtiyor Saidov bir vaqtning o‘zida Filippindagi elchisi (qarorgohi Pekinda joylashgan) etib tayinlandi, deya xabar qildi «Dunyo» AA.

Baxtiyor Saidov 24 iyul kuni Filippin prezidenti Rodrigo Roa Dutertega ishonch yorliqlarini topshirdi.

Filippin rahbari Filippin va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama, jumladan BMT doirasidagi aloqalarni rivojlantirish jarayoni faol kechayotganini qayd etdi. U ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning turli sohalarida ko‘plab umumiy manfaatlar mavjudligini ta’kidladi. Siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlik, ekstremizm, terrorizm va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlar alohida keltirib o‘tildi.

Baxtiyor Saidov 2017 yilning iyulida O‘zbekistonning Xitoydagi diplomatik vakolatxonasiga rahbar bo‘lgan edi. 2018 yil aprelida esa u bir vaqtning o‘zida Mo‘g‘ulistondagi elchi lavozimiga ham tayinlandi.