Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Mahmud Shuxratovich Istamov O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari etib saylandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yil yanvarida adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Mahmud Istamov Markaziy saylov komissiyasi a’zosi ham edi. U o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida ariza bergan Gulnoza Abdusattarovna Raximova o‘rniga Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida O‘zbekiston Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovi o‘tkaziladi.