O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 iyul kuni kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturi.

Yig‘ilishda prezident faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatgan yoki ishlamayotgan kichik biznes korxonalari soni katta ekanini ta’kidladi. Tekshiruv o‘tkazilgan 4000 ta faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonaning 36 foizi aylanma mablag‘lar va kredit olish uchun garov yo‘qligi, 17 foizi esa yer va bino ajratish, qurilish va muhandislik tarmoqlariga ulanish, qarzdorlik bilan bog‘liq muammolar sababli faoliyatini to‘xtatgani aniqlandi.

Bu kabi muammolarning aksariyati, ayniqsa yer, bino va ruxsatnoma olish masalalarini joyida hal qilsa bo‘ladi, dedi davlat rahbari. U hokimlar va ularning birinchi o‘rinbosarlari yangicha ishlashi kerakligini ta’kidladi.

Viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlari faoliyatini yangi yoki qayta tashkil etilayotgan kichik korxonalar, yaratilayotgan ish o‘rinlari sonidan kelib chiqqan holda baholashni ko‘zda tutgan yangicha tizimni joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Korxonalar umrining davomiyligi ham hisobga olinadi.

Bugungi kunda kichik biznes mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 60 foizini, sanoat mahsulotlari hajmining uchdan birini, qishloq xo‘jaligi mahsulotining 98 foizini, investitsiyalarning yarmini ta’minlamoqda. Ko‘pgina viloyatlarda eksportning 70−90 foizi aynan kichik biznesga to‘g‘ri keladi, deya qayd etdi davlat rahbari matbuot xizmati.