Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanidagi issiqlik elektr stansiyasining ikkita energobloki payshanba kuni elektr uzatish tarmoqlarida ro‘y bergan muammolar sababli o‘chirildi. Bu haqda Taxiatosh IESdan «Gazeta.uz"ga xabar qilindi.

Energobloklar faoliyati to‘xtagani sababli Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonning bir qancha tumanlarida elektr ta’minoti o‘chirildi.

«Buni avariya deb bo‘lmaydi, bu o‘chirish. Hozirda ulash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ikkita blok ishga tushirildi, texnik jarayonlar amalga oshirilmoqda. 10:43 da o‘chirilgan edi. Sabablari aniqlanmoqda. Ehtimol, elektr uzatish tarmoqlari sababli, ularga Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston ulangan. Ulash bo‘yicha ishlar qachon tugashi noma’lum. Bu texnika, oldindan bir narsa deb bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi IES vakili.

Energetika vazirligidan qayd etilishicha, birinchi blok texnik tozalash tizimlari ishga tushganidan so‘ng to‘xtagan. Oradan 12 soniya o‘tib ikkinchi blokda va turboagregatda (turbogeneratorlar soni jami 3 ta) ham himoya tizimi ishga tushgan.

10:59 da turboagregat ishlashni boshlagan. Ikkita energoblokni ulash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda, deya xabar qildi Energetika vazirligi vakili.

Noyabrda General Electric kompaniyasi Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish uchun uskunalarning birinchi partiyasini yetkazib berishni yakunlagan edi. Ushbu uskunalar modernizatsiya uchun mo‘ljallangan yangi bloklarning ikkita gaz turbinasi va ikkita generatoridan iborat. Mazkur loyiha GE hamda Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering va Hyundai Engineering and Construction kompaniyalari konsorsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda Taxiatosh IESning belgilangan quvvati 730 MVtni tashkil etadi. Birinchi energoblok 1956 yilda, so‘ngisi (beshinchisi) esa 1990 yilda ishga tushirilgan.