O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-iyul kuni 1-avgustdan byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlari ish haqi, shuningdek, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalarni o‘rtacha 10 foizga oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deya xabar qildi “O‘zbekiston 24” telekanalining “Yangiliklar 24” dasturi.

Shunday qilib, 1-avgustdan boshlab O‘zbekiston hududida eng kam:

  • ish haqi — oyiga 223 000 so‘m;
  • yoshga doir pensiyalar — oyiga 436 150 so‘m;
  • bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 360 460 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 267 650 so‘m miqdorida belgilandi.

1-avgustdan ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik bo‘yicha pensiyaning eng kam miqdori yosh bo‘yicha eng kam pensiyaning 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi. Ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan pensionerlar va yolg‘iz shaxslar pensiyalariga ustama miqdori eng kam ish haqining 50 dan 75 foiziga miqdorda oshiriladi.

Boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha nafaqa miqdori oilaning ishlamaydigan a’zolari soniga nisbatan amaldagi foiz mutanosibligi saqlangan holda yosh bo‘yicha pensiyaning eng kam miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.

Xuddi shu sanadan boshlab birinchi guruh, jumladan, 16 yoshdan oshgan bolalikdan birinchi guruh nogironligi nafaqasini oluvchilarga EKIHning 25 foizi miqdorida har oylik ustama joriy etilmoqda.