Joriy yilning 7 iyul kuni soat 18:30 larda Jizzax viloyati IIB YXHB inspektori O.Q. Jizzax shahar, «Eski shahar dehqon bozori» hududida xizmat vazifasini bajarib, «Lacetti» rusumli avtomashina haydovchisiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirayotgan vaqtda, shu yerdan o‘tib borayotgan 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro S.N. mast holatda IIB YXHB xodimlarining oldiga kelib, ularni turli so‘zlar bilan haqorat qilgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

IIB YXHB xodimlari uni tinchlantirmoqchi bo‘lganida, ularga qarshilik ko‘rsatib, O.Q.ning pogonini yulib olib, uni urib, bo‘yin sohasi va chap yelka sohasiga tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan S.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

S.N. tegishli protsessual tartibda ushlangan.