Termiz adliya bo‘limi 3 iyul kuni «Damas» rusumli avtomashinalarda Termiz shahri ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanishni taqiqlovchi qarorini 10 kun muddatda bekor qilish, shuningdek aybdor shaxslarga tegishli choralar ko‘rilishi uchun hokimlikka taqdimnoma kiritdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qator ommaviy axborot vositalarida Termiz shahar hokimi tomonidan 13 iyunda qabul qilingan «Termiz shahrida transport xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror «Damas» haydovchilarining keskin noroziligini keltirib chiqargani xabar qilindi. Mazkur qaror bilan, shu jumladan, 1 iyuldan boshlab Termiz ichida «Damas» rusumli transport vositalari harakatini to‘xtatish bo‘yicha mutasaddi idoralarga vazifalar yuklangan edi.

Adliya vazirligining qayd etishicha, mazkur qaror loyihasi Termiz shahar adliya bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqilib, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi va raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari prinsiplarini buzishi mumkinligi tufayli Savdo-sanoat palatasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalari bilan kelishilishi lozimligi haqida xulosa taqdim etilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan qonun hujjatlari rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kirishi lozim.

Biroq Termiz shahar hokimligi tomonidan qaror tegishli idoralar bilan kelishilmasdan, adliya bo‘limining huquqiy ekspertiza yakunlari bo‘yicha ijobiy xulosasini olmagan holda qabul qilinganligi natijasida qator qonun hujjatlari talablari buzilgan.

Adliya vazirligi ma’lumot o‘rnida mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish amaliyoti qat’iy nazorat ostiga olinganligini, bu bo‘yicha hududiy adliya organlari tomonidan hokimliklarga tegishli huquqiy va metodik yordam ko‘rsatib kelinayotganini bildirib o‘tdi. Xususan, 2019 yilning o‘tgan davrida tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalarga asosan tuman (shahar) hokimlarining 160 ta qarori bekor qilingan, 165 nafar mas’ul shaxs javobgarlikka tortilgan.