Ichki ishlar organlari yo‘l-patrul bo‘linmalari hamda patrul-post xizmatlari xodimlari uchun mobil kameralar va planshetlar xarid qilish muddatlarining cho‘zilishiga «ortiqcha sansalorlik va byurokratiya» sabab bo‘ldi, deyiladi O‘zbekiston hukumatining 3 iyuldagi qarorida.

Mamlakat prezidentining o‘tgan yil 24 dekabrdagi qarorida bodikameralar va planshetlar Davlat mudofaa qo‘mitasi tomonidan Ichki ishlar vazirligi talabi asosida 1 aprelgacha xarid qilinishi lozim edi. Vazirlar Mahkamasining 1 dekabrdagi qarorida esa YPX xodimlari 1 iyuldan bodikameralar bilan xizmatni boshlashi belgilangan.

Muddatlar kechiktirilgan sababli Davlat mudofaa sanoati qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Xotamjon Yusupov hamda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rustam Ergashevga xayfsan e’lon qilindi.

Davlat mudofaa sanoati qo‘mitasi raisi Otabek Ibodullayev va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati YPX va PPX xodimlarini 2020 yil 1 yanvargacha mobil kameralar va planshetlar bilan ta’minlash borasida shaxsan javobgar ekani to‘g‘risida ogohlantirildi.

1 yanvardan haydovchilar kameralarsiz xizmat olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega bo‘ladi.