2 iyul kuni O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matulla Yo‘ldoshev raisligida Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar qilishicha, yig‘ilishda taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning jinoiy javobgarlikdan ozod etishni so‘rab taqdim etgan murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, komissiya 5 nafar shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etish haqida xulosa qildi. Shuningdek, jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan 5 nafar fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish, ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Bugungi kunda ushbu masala bo‘yicha kelib tushgan yana 8 ta murojaatlar ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti 2018 yil 19 sentyabrdagi terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni имзолаганэди. Farmonga ko‘ra, taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning qilmishiga pushaymonligi hamda aybini bo‘yniga olishi to‘g‘risidagi arizasi xorijda ularning yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalariga yoxud O‘zbekistonning huquqni muhofaza qiluvchi organlariga beriladi.