Qozog‘istonning Turkiston viloyati Aris shahrida harbiy omborxonada portlash sodir bo‘lgani sababli «Chimkent — Aris — Timur» uchastkasida yo‘lovchi poyezdlari harakati to‘xtatildi, deya xabar berdi Qozog‘istonning «Yo‘lovchi tashuvlari» kompaniyasi.

Tengrinews.kz ma’lumotlariga ko‘ra, 13 poyezd, jumladan «Ufa — Toshkent» (№ 382) va «Samarqand — Nur-Sultan» (№ 252) poyezdlari harakati to‘xtatilgan.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» ma’lumotxonasi «Gazeta.uz"ga «Ufa-Toshkent» poyezdi «texnik sabablarga ko‘ra» ushlanib qolganini tasdiqladi. Poyezd hozirda Turkistonda.

Dushanba kuni ertalab Qozog‘istonning Turkiston viloyati Aris shahridagi harbiy qism hududidagi omborxona binosida yuzaga kelgan yong‘in harbiy o‘q-dorilarning portlashiga sabab bo‘ldi. Shaharda favqulodda holat e’lon qilindi va aholini evakuatsiya qilish boshlandi.