Uzbekistan Airways Milliy aviakompaniyasi mahalliy parvozlar uchun Kanadaning Bombardier yoki Braziliyaning Embraer kompaniyalaridan kichik sig‘imli yo‘lovchi samolyotlarini sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston transport vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Mahkamov dushanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

«Havo kemalariga nisbatan siyosatimiz o‘zgarmoqda. Birinchidan, biz sotib olmaymiz, balki lizingga xarid qilamiz, chunki dunyo tajribasi lizingning rentabelliroq, samaraliroq ekanini ko‘rsatmoqda», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy yo‘nalishlar uchun Bombardier yoki Embraer kompaniyalaridan samolyotlar sotib olish rejalashtirilmoqda.

«Biz 70, 80, 90 kishilik Bombardier, Embraer kabi samolyot turlarini olmoqchimiz. Ularda tashish bo‘yicha FIK yuqoriroq, tannarx esa pastroq. Katta havo kemalaridan uzoq parvozlar uchun foydalaniladi. hozirda ushbu yo‘nalishdagi samolyotlar parkini almashtirish ustida ish olib bormoqdamiz», — dedi Ilhom Mahkamov.

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari har yili ikkitadan samolyot sotib olib, 2025 yilgacha havo kemalari parkini 38 donaga yetkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

2018 yilda MAK 22580 ta parvozni amalga oshirib, 3,2 mln yo‘lovchi tashidi. Chet el aviatashuvchilari esa 9657 ta parvozda 1,5 mln kishi tashidi.

Bugungi kunda Uzbekistan Airways aviaparki Boeing 757/767, Boeing 787−8, A320 hamda Boeing 767−300BCF yuk samolyotlarida tashkil topgan.