O‘zbekiston prezidentining beshta tashabbusi bo‘yicha dasturni amalga oshirish jarayonini muvofiqlashtirish maqsadida Dasturlarni boshqarish ofisi (DBO) tashkil etildi, deya xabar qildi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘zining Facebook-sahifasida. Uning asosiy maqsadi Implementatsiya strategiyasini ishlab chiqishdan iborat. Strategiyaning dastlabki talqini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

O‘zgarishlarga to‘siq bo‘layotgan muammolar qatorida jamiyat madaniy tashkiliy qismining tarqoqligi, mintaqalar bo‘yicha infratuzilmaviy ta’minlashning nomutanosibligi, iqtidorli bolalarni erta qo‘llab-quvvatlash tizimining rivojlanmaganligi kabilar sanab o‘tilgan.

«Huquqiy-normativ, tashkiliy-boshqaruv, moddiy-texnik va kadrlar bilan ta’minlash muammolarining yechilmaganligi tashabbuslarni amalga oshirishga to‘siq bo‘lmoqda va mamlakatning ijtimoiy tuzilmasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarning yetarli darajasiga erishishga imkon bermayapti», — deyiladi strategiyada.

Strategiyaning maqsadi — fuqarolarni har tomonlama rivojlangan inson sifatida tarbiyalash imkonini beruvchi shart-sharoitlar yaratish. Mamlakatdagi mavjud ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy muhit fuqarolarga quyidagi imkoniyatlarni yaratishi lozimligi belgilangan:

  • o‘z qobiliyatlari va imkoniyatlarini rivojlantira olishlari, loyihaviy va jamoaviy ish ko‘nikmalarini takomillashtirish va shaxsiy rivojlanish haqida mustaqil istak va asosga ega bo‘lish;
  • mamlakat va uning kelajagi oldida mas’uliyatlarini, jamiyatda shaxsiy rolini anglash, mamlakat va jamiyat uchun foyda keltirishga intilish, boshqa insonlarning shaxsiy qadriyatlarini hurmat qilish va jamiyatning boshqa a’zolari haqida qayg‘urish istagida bo‘lish;
  • axborot jamiyati rivojlangan sharoitda hayot jabhalarining turli sohalarida AKTdan foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lish;
  • muammolarni mustaqil hal qilish, mustaqil fikrlashni o‘rganish va kelgusida yanada rivojlantirish;
  • fuqarolik va demokratik qadriyatlar mazmunini to‘liq anglagan holda ularga sodiq bo‘lish, fuqarolik huquq va majburiyatlarini bilish;
  • jinsidan qat’i nazar kasbiy malakaga ega bo‘lish va ularni rivojlantirish bilan faol turmush tarziga ega bo‘lish.