Sobiq bosh prokuror Otabek Murodovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati yig‘ilishida ma’lum qildi. Davlat rahbari uni poraxo‘rlikda aybladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Otabek Murodovning lavozimidan chetlashtirilgani to‘g‘risida 20 iyun kuni ma’lum bo‘lgan edi. U Bosh prokuraturaga 2018 yilning yanvaridan buyon rahbarlik qilib kelayotgan edi.

Sobiq bosh prokurorga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi to‘g‘risida so‘zlar ekan, Shavkat Mirziyoyev uning rahbarlardan 100 ming, 50 ming dollar miqdorida pul olganini aytib o‘tdi.

«Menga u vazir buncha pul oldi, degan gaplarni eshitish yoqimsiz. Bu kasallik, undan xalos bo‘lishimiz kerak», — deya ta’kidladi u.

«Biz o‘z farzandlarimiz, nevaralarimiz haqida o‘ylashimiz kerak. 3 gektar yetarli bo‘lsa, 40 gektar nega kerak? Baribir 2 ta xona — yotoq va oshxonaga sig‘sangiz, 20 xonali kvartira sizga nima uchun kerak? Men imkoniyat beraman, senga ishonaman, deyman, sen esa ertaga borasan va pora olasan», — dedi davlat rahbari.

Prezident, shuningdek, neft-gaz sohasi ham korrupsiyalashganini ma’lum qildi: «20 yil ichida neft-gaz sohasidagi barcha loyihalarning 50 foizi pora bilan bo‘lgan edi. Surg‘il neft-gaz loyihasida (Surg‘il koni bazasidagi Ustyurt gaz-kimyo majmuasi — tahr.) bir amaldor 80 mln dollar olgan! 80 mln! Xalq haqida kim o‘ylaydi?!»

Shavkat Mirziyoyev tizim qonini tozalash kerakligini ma’lum qildi. U yaqin vaqtlarda sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov va DXXning sobiq rahbari Ixtiyor Abdullayev ishlari bo‘yicha sud qarorlari haqida xabar berilishini aytdi. «Ular katta muddat olishadi, yaqinda eshitasiz. Ular qilganlari uchun javob berishlari kerak», — deya ta’kidladi prezident.

Davlat rahbarining fikricha, yaqinda bosh prokuror etib tayinlangan Nig‘maulla Yuldashev yangi lavozimda prokuratura organlaridagi korrupsiyalashgan tizimni sindirishi lozim. Prezident olti oy ichida bosh prokuror Nig‘matulla Yuldashev natijalarni ko‘rsatishi kerak. «Prokuratura qisqarishi kerak. Ehtimol, bir qism vakolatlar Adliya vazirligiga berilar, xorij davlatlarida shunday qilinmoqda», — dedi prezident.