Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudining ochiq sud majlisida, sudlanuvchi D. Djarilkasinovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rilib, unga nisbatan tegishli hukm va jazo tayinlandi.

Ish holatiga ko‘ra sudlanuvchi D. Djarilkasinov belgilangan tartibni buzib O‘zbekiston Rerpublikasi hududiga kirish jinoyatini sodir qilgan.

Chunonchi, u Qozog‘iston Respublikasida vaqtincha yashash maqsadida, o‘ziga tegishli bo‘lgan SR 1267409 raqamli fuqarolik pasporti bilan 2012 yil 10 oktyabr kuni «Yallama-avto» halqaro o‘tkazish punkti orqali belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududidan Qozog‘iston Respublikasi hududiga chiqqan.

D. Djarilkasinov Qozog‘iston Respublikasi Chimkent viloyati Yettisoy tumanida 2019 yilning yanvar oyiga qadar yashab kelib, 2004 yil 26 sentyabrda Romitan tuman IIB tomonidan rasmiylashtirilib berilgan SR 1267409 seriya raqamli fuqarolik pasportini ehtiyotsizligi tufayli yo‘qotib qo‘yib, doimiy yashash manziliga qaytish maqsadida 2019 yil 27 yanvar kuni taxminan soat 20:00larda «Qozog‘iston O‘zbekiston» Davlat chegarasi hududiga yetib kelib, piyoda harakatlanib, 1999 yil 20 avgust kunidagi № 820-I-sonli «O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasi to‘g‘risida"gi Qonunining 15-moddasi talablariga zid ravishda, nazorat o‘tkazish maskanlarini chetlab, «Qozog‘iston O‘zbekiston» Davlat chegaralarining qo‘riqlanishi jihatdan zaif bo‘lgan qismi orqali O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirganligi aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi DCHHQQning 2019 yil 5 fevral kunidagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, fuqaro D. Djarilkasinov o‘ziga tegishli bo‘lgan SR 1267409 raqamli fuqarolik pasporti bilan 2012 yil 10 oktyabrda «Yallama-avto» xalqaro o‘tkazish punkti orqali O‘zbekiston Respublikasidan chiqqanligi biroq O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirganligi haqidagi ma’lumotlar mavjud emas.

D. Djarilkasinovga jazo tayinlash masalasini muhokama qilib, u tomonidan sodir qilingan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymondaligini, uning shaxsini, ijtimoiy ahvoli va oilaviy sharoitini, qaramog‘ida 2 nafar voyaga yetmagan farzandi borligini, oilasida yagona boquvchiligini, muqaddam sudlanmaganligini, jinoyat sodir etish paytidagi va sodir etilganidan keyingi xulq-atvorini hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi boshqa holatlarni inobatga olib, D.Djarilkasinovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 223-moddasi 1-qismi bilan JKning 57-moddasini qo‘llab, 1 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.