Germaniya Federativ Respublikasi Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Toshkentdagi Gyote institutida bo‘ldi. Ushbu muassasa oldidagi maydonda bunyod etilgan Yohann Volfgang Gyote haykali va bog‘i ochilish marosimida qatnashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

XVIII asrda yangi davr nemis adabiyoti asoschisi — Gyotening «Faust», «Mag‘ribu mashriq devoni», «Yosh Verterning iztiroblari» kabi asarlari, falsafiy she’rlarini xalqimiz sevib mutolaa qiladi.

Gyote mutafakkir ajdodlarimizning ilmiy va badiiy merosi bilan yaxshi tanish bo‘lgan. Ibn Sino, Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi ulug‘ bobolarimiz ijodini mutolaa qilib, asarlarida ayrim turkiy so‘zlarni asliyatda qo‘llagan.

Frank-Valter Shtaynmayer O‘zbekistonda Gyote siymosiga ehtirom mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yangi ruhda davom ettirishga, madaniy-ma’rifiy aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Oliy martabali mehmon Toshkentdagi Gyote instituti faoliyati bilan tanishdi.

Bugun O‘zbekistonda Germaniya akademik almashuvlar xizmati, Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armalarining vakolatxonalari, Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha instituti kabi GFRning ko‘plab ilmiy-ma’rifiy tashkilotlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.

O‘zbekistondagi 1842 maktabda 377 mingdan ziyod o‘quvchi nemis tilini o‘rganmoqda. Shu jumladan, Toshkent, Samarqand va Marg‘ilon shaharlarida Germaniyaning til bo‘yicha diplomini berish huquqiga ega maxsus maktablarda 5 mingga yaqin o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. O‘quvchilarga 4450 ga yaqin o‘qituvchi ta’lim beradi.

Ayni paytda o‘zbekistonlik 700 dan ortiq talaba, ilmiy tadqiqotchi Germaniya oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayapti. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand iqtisodiyot va servis instituti huzuridagi akademik litseylar bitiruvchilarining 15 nafari Germaniya madaniyat va ta’lim vazirlari Doimiy konferensiyasining nemis tili diplomiga sazovor bo‘ldi.

Toshkentdagi Gyote institutining asosiy maqsadi nemis tilini o‘rgatish, xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Germanshunoslar, talabalar, umuman, barcha qiziquvchilar institut o‘quv zalida nemis tilidagi kitoblarni mutolaa qilishi, Germaniya davriy va vaqtli matbuot nashrlari bilan tanishishi mumkin. Kimda nemis tilini o‘rganishga ishtiyoq paydo bo‘lsa, bu yerdagi kurslarda tahsil olish imkoniyati bor. Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Hozirgi institutning til o‘qitish markazlarida 4 mingdan ziyod mamlakatimiz fuqarosi nemis tilini o‘rganmoqda.

Frank-Valter Shtaynmayer institutda til o‘rganayotgan yoshlar, madaniyat va san’at namoyondalari, ilmiy doiralar va keng jamoatchilik vakillari bilan suhbatlashdi.

Federal prezident ikki o‘zbekistonlik — Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tarjimoni Mukarram Karimova va Marg‘ilon shahridan nemis tili o‘qituvchisi Lidiya Osinani «Bundesverdienstkreuz» («Germaniya Federativ Respublikasiga xizmat ko‘rsatgani uchun») ordeni bilan mukofotladi.