O‘zbekiston Chang‘i sporti federatsiyasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Yangi sport tashkilotiga chet el kapitali ishtirokidagi Panasia investitsion kompaniyasi direktori Behzod Riskibayevich Yakubov rais etib saylandi, deya xabar qildi federatsiya «Gazeta.uz"ga.

Tashkilot O‘zbekistonda tog‘ chang‘isi, snoubord, fristayl va boshqa chang‘i sporti turlarini rivojlantirish, targ‘ib etish va ommalashtirish, shuningdek mamlakat hududi va xalqaro maydonlarda sportning chang‘i turi obro‘sini oshirish bilan shug‘ullanadi.

Tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston termasi katta murabbiyi Andrey Lvovich Voronov, regbi bo‘yicha sobiq ittifoq sport ustasi Andrey Gennadevich Didichenko va Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabining snoubord bo‘limi katta murabbiyi Ivan Aleksandrovich Merkushkin federatsiya vitse-prezidenti lavozimlariga tayinlandi. «Yangiobod. Chotqol marvaridi» turistik bazasi sohibi va Qishki sport turlari assotsiatsiyasi bosh kotibi Ali Xalimovich To‘xtayev federatsiya bosh kotibi lavozimini egalladi.

Federatsiya raisi Behzod Yakubovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda qishki sport turlariga qiziqish ortmoqda. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida qurilayotgan xalqaro darajadagi Amirsoy tog‘-chang‘i kurorti, Toshkentdagi Humo muz saroyi kabi loyihalar bunga misol bo‘ladi.

Qishki sport turlari bo‘yicha to‘rtta federatsiya tashkil etilishi to‘g‘risida 2017 yilning dekabrida ma’lum bo‘lgan edi. Milliy olimpiya qo‘mitasi majlisida tashabbuskor guruhga ishga professional mutaxassislarni jalb etish, shuningdek tashkilotlarning samarali faoliyati uchun investor va homiylarni topish vazifasi topshirilgan edi.