Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Chust tumanida shifobaxsh suv chiqqani va mazkur suv saraton kasalligiga davo ekani haqida ma’lumotlar tarqadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi rahbari Bahrom Almatovning maqolasi orqali mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Namangan viloyat DSENMning mutaxassislari tomonidan 2019 yilning 22 may kuni Chust tumanidagi «Tomchi zamin» fermer xo‘jaligidagi artezian quduq suvidan laboratoriya tekshiruvlari uchun suv namunalari olindi.

Viloyat Davlat sanitariya epidemiologiya markazining akreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarida bakteriologik, sanitariya-kimyoviy va radiologik tekshiruvlar olib borilmoqda. Dastlabki sanitariya-kimyoviy tahlil natijalariga ko‘ra olingan suv namunasi loyqaligi, vodorod ko‘rsatgichi (rn), umumiy minerallanishi (quruq qoldiq), umumiy qattiqligi, sulfatlar va xloridlar qoldig‘i ko‘rsatkichlari bo‘yicha OzDst 950−2011 «Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish» Davlat standarti me’yorlaridan bir necha barobar yuqoriligi aniqlandi. Bunday suvni aholi uchun ichimlik suv sifatida iste’molga berilishi va ishlatilishi mumkin emas. Hozirda bakteriologik tahlillar davom ettirilmoqda.

Har qanday mineral suvlarning shifobaxshlik xususiyatini aniqlash uchun avvalo O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qo‘mitasi tomonidan tegishli tahlillar o‘tkazilishi va ushbu tahlil natijalari Sog‘liqni saqlash vazirligining «Respublika terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy markazi» tomonidan baholanishi lozim.

Agarda o‘rganilgan suvning shifobaxshligi aniqlansa, suvdan foydalanish qoidalariga mos ravishda suv manbasida belgilangan qurilish ishlari olib borilib, suvning aynan qaysi kasalliklarga shifoligi bo‘yicha sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tartiblarga rioya etgan holda foydalanish mumkin.

Mutaxassislar tomonidan o‘rganilmasdan, suvni ichish, yuvinish, vanna yoki boshqa usullar bilan davo sifatida foydalanish organizmda mavjud kasalliklarni qo‘zg‘atishi, og‘irlashtirishi yoki boshqa kasalliklarni keltirib chiqarishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shunday ekan, ushbu holatda «Tomchi zamin» fermer xo‘jaligidagi artezian quduq suvidan inson salomatligi yo‘lida foydalanishni to‘xtatish lozim.

Suv — nafaqat hayot manbai, balki ko‘pgina yuqumli, jumladan o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar hamda somatik kasalliklarning tarqalish omili ekanligini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak.