«O‘zbekneftgaz» va Amerikaning Air Products and Chemicals kompaniyalari sanoat gazlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Hujjat Toshkentda «O‘zbekiston neft va gazi — OGU-2019» 23-xalqaro ko‘rgazmasi va anjumanida imzolandi, deya xabar qildi «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati.

Kompaniyalar o‘rtasidagi muzokaralar 2018 yil avgustidan davom etib kelmoqda. Qo‘shma ishchi guruh O‘zbekiston hududida va qo‘shni davlatlarda vodorod, kislorod, argon, karbonat angidrid va boshqa noyob sanoat gazlariga bo‘lgan talabni o‘rganib, tahlil qildi.

Ishchi guruh faoliyat yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda sanoat gazlarini ishlab chiqarish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi qo‘shma korxonani tashkil etish zarurligi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Kelishuv mamlakatda sanoat gazlari bozori infratuzilmalarini shakllantirish va ksenon, kripton, geliy, argon va boshqa bir necha turdagi noyob gazlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga imkon yaratadi, deyiladi xabarda.