O‘zbekistonda diniy tashkilotlarni tashkil etish uchun tashabbuskorlar sonining 100 kishidan 50 kishigacha qisqarishi, shuningdek, diniy ta’lim muassasalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirilishini ko‘zda tutilmoqda.

Bu haqda 2019 yil 14 may kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Din va e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi"ning ijrosini monitoring qilish bo‘yicha Ishchi guruhning navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z bordi.

Ushbu qonun loyihasining maqsadi qonun normalarini 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga muvofiqlashtirish, diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, davlat ro‘yxatidan o‘tishni rad etishning muayyan asoslarini aniqlash, ushbu sohadagi vakolatli davlat organlarining vakolatlarini, sud tartibida diniy tashkilot faoliyatini to‘xtatishni, diniy tashkilotlarning rejalashtirilgan faoliyati to‘g‘risida xabardor qilish tartibini, diniy adabiyotlarni tayyorlash va tarqatish tartibini belgilashdir.

Shuningdek, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kelish va tarqatish sohasidagi tartibni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hukumatining tegishli qaroriga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

BMTning Din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi A.Shahidning O‘zbekistonga tashrifi (2017 yilning 2−12 oktabr kunlari) yakunlari bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirish, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalari bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining qo‘shma qarori bilan 2018 yil 4 mayda Din va e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» hamda Din va e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ijrosini monitoring qilish bo‘yicha ishchi guruh tasdiqlangan.

Ishchi guruh raisi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidovning qayd etishicha, Din va e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» BMTning Din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi A.Shahidning tavsiyalarini bajarishga qaratilgan 52 ta tadbirni amalga oshirishni nazarda tutadi. 2019 yilning yanvar oyida Ishchi guruhning birinchi yig‘ilishida «Yo‘l xaritasining» 2018 yilga mo‘ljallangan birinchi yil natijalari sarhisob qilindi. 2019 yilga 11 ta tadbirni amalga oshirish rejalashtirildi. 2019 yilda «Yo‘l xaritasi"da belgilangan tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha Ishchi guruhning tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o‘rinbosari A.Toshqulov yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish jarayoni haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatga olish, tugatish tartibini yanada maqbullashtirish va soddalashtirish bo‘yicha xalqaro ekspert tavsiyalarini hisobga olgan holda, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish ularning markaziy organlari uchun davlat boji besh marta — EKOIH ning 100 baravaridan 20 baravarigacha va diniy tashkilotlarning o‘zi uchun 50 dan 10 gacha qisqartirildi. Ro‘yxatga oluvchi organga hisobot berish tartibi va muddati yiliga bir marta hisobot taqdim etish talablarini belgilash yo‘li bilan soddalashtirildi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning vakolatlaridan diniy tashkilotlarni tugatish huquqi chiqarib tashlandi, diniy tashkilot faoliyatini sud tartibida to‘xtatish belgilandi.