Ish holatlariga ko‘ra, sudlanuvchi S. Ochilova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ilgari bir necha marotaba firibgarlik jinoyati uchun sudlangan bo‘lishiga qaramasdan 2018 yilning mart oyida aldash va ishonchni suiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritishni maqsad qiladi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi raisi Sherzod Mamirov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

U qo‘shnisi T. Qosimova bilan uchrashib, uning ishonchiga kirib, tanishlari orqali arzon narxda yangi televizor, muzlatgich va kir yuvish mashinalarini olib berishni va’da qilib, T. Qosimovaning 15 million so‘m miqdoridagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, sudlanuvchi 2018 yilning aprel oyida jinoiy harakatlarini davom ettirib, fuqaro T. Qosimovaning ishonchiga kirib, uning pullarini ko‘lga kiritish maqsadida, go‘yoki onasi kasal bo‘lib qolganligini ro‘kach qilib, undan dori darmon uchun 9 million so‘m pulni olgan. Ushbu mablag‘ni keyinchalik bank orqali AQSH dollari qilib qaytarib berishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan T. Qosimovaning jami 24 million so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zining ehtiyojlariga ishlatgan.

Sud majlisida sudlanuvchi S. Ochilova aybiga to‘liq iqror bo‘lib, zararni to‘liq qoplab berganligini, oilaviy sharoitini inobatga olib, unga qonun doirasida yordam berishini so‘ragan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 5-qismida, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi belgilangan.

Sud S. Ochilovaga jazo turi va miqdorini belgilashda, uning sodir qilgan jinoyatini ijtimoiy xavfliligini muhokama qilib, uning aybiga iqrorligini va chin ko‘ngildan pushaymonligi, yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilganligi, doimiy ish joyiga ega ekanligini, oilaviy sharoitini, qaramog‘ida bir nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topdi va unga JKning 60-moddasi tartibida, jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining hukmiga asosan o‘talmay qolgan 7 oy 26 kun axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan jazoga qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil — kesil 2 yil 2 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.