14 may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatda o‘z diplomatik missiyasini yakunlayotgan Koreya Respublikasi favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon Uni qabul qildi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Ikki tomon kun tartibi borasida fikr almashish chog‘ida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning jadal rivojlanayotgani qayd etildi.

2017 yilning noyabr oyida Seul shahrida va 2019 yilning aprel oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan oliy darajali O‘zbekiston — Janubiy Koreya uchrashuvlarining muvaffaqiyatli yakunlari tomonlarni qiziqtirgan barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirish imkonini bergani ta’kidlandi. Xususan, 2018 yilda o‘zaro savdo aylanmasi 50 foizdan ortiqqa o‘sib, 2 mlrd AQSH dollaridan oshdi.

Uchrashuvda Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo shaklidagi hamkorlikning samarali ahamiyati ham e’tirof etildi.

Vazir elchining mamlakatdagi uch yillik faoliyatini hamda hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasini yuqori baholadi.