O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodov «og‘ir» o‘smirlar uchun ixtisoslashgan muassasalar zarurligi yuzasidan hukumatda bo‘lib o‘tgan «bahslar» to‘g‘risida ma’lum qildi.

4 may kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida Bosh prokuratura rahbari qizlar uchun Qo‘qon yengil sanoat kasb-hunar kolleji, bolalar uchun Baxt maxsus kolleji, qizlar uchun Chinoz ixtisoslashgan maktab-internati va bolalar uchun Samarqand ixtisoslashgan maktabidagi muammolarni sanab o‘tdi.

«Ixtisoslashgan maktab va kollejlar to‘g‘risida gap ketganda, bunday muassasalarda qonunlar ijrosi, ayniqsa, ma’naviy-axloqiy muhit yillar davomida o‘z holiga tashlab qo‘yilganini ham ochiq aytishimiz kerak», — dedi u.

Bosh prokuror Qo‘qonda qizlar uchun maxsus kollejdagi qonunbazarliklar to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Qo‘qondagi maxsus kollejda esa byudjet pullari talon-toroj qilingani, o‘quvchilarga nisbatan qonunga zid harakatlar sodir etilgani aniqlanib, bunga aloqador shaxslar sudda javob bermoqda», — dedi Otabek Murodov.

Avvalroq Xalq ta’limi vazirligi muhokama uchun e’lon qilgan prezident qarori loyihasi voyaga yetmagan bolalarni ixtisoslashgan muassasalarga «eng so‘nggi chora» sifatida joylashtirishni ko‘zda tutadi. To‘rtta muassasa o‘rniga Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

«Loyihada voyaga yetmaganni ixtisoslashgan muassasaga eng so‘nggi chora sifatida joylashtirish, bunday muassasalarda har 20 nafar tarbiyalanuvchiga bir nafardan psixolog va ijtimoiy xodim ajratish, muassasalarni kuzatuv kameralari bilan to‘liq jihozlash kabi takliflar ilgari surilmoqda», — dedi bosh prokuror.

«Hozirda oldimizda bu ixtisoslashgan internetlar kerakmi, degan savol turibdi. Hozirda bu masala bo‘yicha katta bahslar ketmoqda. Balki biz uni (bolani — tahr.) oilaga berarmiz. Ushbu masala yuzasidan yaqin vaqtlarda biz senatorlar va rahbarlar bilan birgalikda bir qarorga kelamiz», — dedi Bosh prokuratura rahbari.

O‘zbekistonda 1994 yilda kuchga kirgan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga (1989 yil) ko‘ra, bola «eng so‘nggi chora sifatida» va imkon qadar qisqa muddatlarda hibs qilinishi, qo‘lga olinishi yoki qamoq jazosiga tayinlanishi mumkin.

Yaqinda YUNISEF tomonidan Qo‘qondagi ixtisoslashgan muassasada o‘tkazilgan o‘rganishlarda aksariyat qizlar bu yerga ijtimoiy muammolar yoki oiladagi murakkab vaziyat tufayli joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

«Bu muassasadagi qizlar jinoyatchilar emas. Ular ahmoqlik qilgan bo‘lishlari mumkin, kam ta’minlangan oilalardan chiqqan yoki oilalardagi suiiste’molliklar qurboni bo‘lishlari mumkin, lekin ular jinoyatchilar emas», — deya ma’lum qildi BMTning bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Renata Vinter dekabrda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida.