Toshkentning Shayxontohur tuman IIB IIOFMB kuchuk bolasini qiynab, o‘z harakatlarini videoga olgan o‘smirlarning shaxsini aniqladi, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati. Rolik ustidan Mehr va Oqibat Jonivorlarni himoya qilish jamiyati vakillari shikoyat kiritdi.

Jonivor bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan aka-uka I. va A.Yo., ularning ota-onasi hamda ular o‘qigan maktabda yuqori sinf o‘quvchilari, o‘qituvchilar va maktab psixologi ishtirokida profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Bolalarning 16 yoshga to‘lmagani munosabati bilan ularga nisbatan jonivorlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun ular ma’muriy javobgarlikka (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) tortilmaydi, shu sababdan o‘smirlar profilaktik hisobga qo‘yildi.

Ularning ota-onalariga nisbatan esa MJTKning 47-moddasida (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) ko‘zda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzildi.

Do‘stlarining harakatlarini videotasvirga olgan va uni internetga joylashtirgan 17 yoshli U.B.ga nisbatan materiallar, jumladan MJTKning 189−1-moddasi (zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma o‘smirning yashash joyi bo‘yicha chora ko‘rish uchun Toshkent viloyati IIBga taqdim etildi.

Jonivorlarni himoya qilish jamiyati hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga chaqirdi.

Avval xabar qilinganidek, Mehr ve Oqibat vakillari mamlakat ta’lim muassasalarida suhbatlar o‘tkazmoqda. Bugungi kunga qadar 43 ming nafardan ziyod o‘quvchilar qamrab olindi.