25 aprel kuni soat 23:00 larda Andijon viloyati Marhamat tumani prokurorining katta yordamchisi B.P. boshqaruvidagi Nexia avtomashinasida «Marhamat-Asaka» yo‘lida yo‘lning o‘rta qismida harakatlanib ketayotgan piyoda B. B.ni urib yubordi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Natijada, fuqaro B.B. olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan o‘sha kunning o‘zida viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov jarayonida sud-tibbiyot, sud-trassologik va sud-avtotexnika ekspertizalari tayinlangan. Sudga oid tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhum B.B. hodisa sodir bo‘lishidan avval ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilganligi aniqlangan. Mazkur holat marhumning yaqin qarindoshlari, hodisa sodir bo‘lishidan biroz avval ko‘rishgan do‘stlarining ko‘rsatmalari bilan ham tasdiqlangan.

Shuningdek, tergov yo‘li bilan piyodaning qatnov yo‘lining o‘tish mumkin bo‘lmagan qismida avtomashinalar harakati yo‘nalishiga qarama-qarshi trayektoriyada harakatlanib kelganligi aniqlangan.

Tergovning borishi ustidan Bosh prokuratura tomonidan alohida nazorat o‘rnatildi.