Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilayotgan yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatining 23 aprel kuni o‘tkazilgan bahslarda ham 3 nafar o‘zbekistonlik sportchi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yetti kurash yo‘nalishi bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan Yekaterina Voronina 6198 ball jamg‘arib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Yekaterinadan 205 ball kam to‘plagan hindistonlik S.Barman sazovor bo‘lgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin 5829 ochko jamg‘argan xitoylik Vangga nasib etdi.

Balandlikka sakrash bahslarida Svetlana Radzivil va Nadiya Dusanova medal uchun bahsga kirishdi. Bu safar omad Nadiyaga kulib boqdi. U 1,90 metrlik balandlikni zabt etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Svetlana esa 1,88 metr natija bilan bronzaga sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Radzivil bilan bir xil natija ko‘rsatgan, biroq urinishlardan unumli foydalanish bo‘yicha ustunlikka eshirgan qozog‘istonlik Nadejda Dubrovskaya nasib etdi.

Ushbu uchlik Indoneziyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida ham o‘zaro bellashishgan bo‘lib, Svetlana Radzivil birinchi (1,96), Nadiya Dusanova (1,94) ikkinchi va Nadejda Dubrovskaya (1,84) uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

Eslatib o‘tamiz, yana bir o‘zbekistonlik atlet Ruslan Qurbonov ushbu musobaqaning uch xatlab sakrash bo‘yicha bahslarida oltin medalga sazovor bo‘lgan edi.