Andijon viloyatida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan tashkil etilayotgan targ‘ibot va tashviqot ishlari natijasida joriy yilning shu davriga qadar yo‘l-transport hodisalari soni o‘tgan yilga nisbatan solishtirilganida 38 taga kamaygan. Bu haqda «Xalq so‘zi online» xabar berdi.

Sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni 103 tani tashkil etib, ularning natijasida 20 kishi hayotdan bevaqt ko‘z yumdi.

Viloyat IIB YHX boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Sayidolim Zingirovning ma’lum qilishicha, 2019 yilning shu davriga qadar turli yo‘nalishdagi 68 ming 613 ta qoidabuzarlik holatlari qayd etilgan va natijada undirilgan jarimalar miqdori 6 milliard 141 million so‘mni tashkil etgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sodir etilgan harakatlarning 19 ming 707 tasi qo‘pol ravishda yuzaga kelgan. Mast holatda avtomashina boshqarish, tezlikni oshirish, odam tashish qoidalariga rioya etmaslik holatlari ham uchramoqda.