Fransiyaning Buxoro bilan birodarlashgan Ryuey-Malmezon shahrida do‘stlik aloqalari o‘rnatilganining 20 yilligi munosabati bilan «O‘zbek bog‘i» ochilib, unga buyuk qomuschi olim Ibn Sino yodgorligi o‘rnatildi. Bu haqda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Xorijdagi ilk shu kabi «O‘zbek bog‘i"ga Buxorodan keltirilgan o‘rik, gilos, olma, uzum, anjir va boshqa daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Marosimda ishtirok etish uchun Fransiyaga Buxoro hokimi O‘ktam Barnoyev boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Parij aglomeratsiyasi va Ryuey-Malmezon meri Patrik Ole ochilish marosimida Buxoro bilan aloqalar ushbu shahar birodarlik aloqalarini o‘rnatgan boshqa davlatlardagi qolgan 15 shaharga nisbatan faolroq ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Misol sifatida Ryuey-Malmezon meriyasida birodarlik aloqalari o‘rnatilganining 20 yilligi munosabati bilan madaniy dastur tashkil etilgani, unda o‘zbek musiqachilari va ijrochilari chiqishlari, o‘zbek ipagidan tayyorlangan liboslar namoyishi va fransuz rassomi Daniyel Xurbanning Abu Ali Ibn Sinoga bag‘ishlangan «Buxoro — atoqli shaxslar zamini» ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tganini keltirib o‘tdi.

Qayd etish joizki, Buxoro va Ryuey-Malmezondan tashqari, Samarqand va Lion, Xiva va Versal o‘rtasida ham birodarlik aloqalari o‘rnatilgan.