Farg‘ona viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar ishtirokida Qo‘qon shahridagi Musiqali drama teatri binosida huquqbuzarliklarni oldini olish, tadbirkorlar foydasiga hamda aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlarini ijro etilishi, alimentdan qarzdorlarni ishga joylashtirish hamda ajrashgan oilalarni yarashtirish masalasiga bag‘ishlangan sayyor ommaviy qabul o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ushbu tadbir doirasida ming nafardan ortiq fuqaro ishtirok etdi.

Shuningdek, bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etilib, 50 dan ortiq tashkilot 560 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinni bilan ishtirok etdi. 86 nafarga yaqin qarzdorlar ishga joylashtirilib, aliment undiruvi qarzdorlarning oylik ish haqiga qaratilishi ta’minlandi.

Shu bilan birga 164ta ijro hujjatlari bo‘yicha 256 mln. so‘mga yaqin aliment pullari undirilishiga, bu bilan 186 nafar voyaga yetmaganning huquqi himoya qilinishiga erishildi va 23 nafar yosh oila yarashtirildi.

Tadbirda 18ta sayyor sud majlisi tashkil etilib, aliment to‘lovlardan muntazam bo‘yin tovlab kelgan 14 nafar qarzdorga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, tadbir davomida 17 ta ijro hujjatlari yuzasidan 13 nafar tadbirkorlar manfaatiga 383 mln. so‘mdan ortiq zarar pullari undirilib, tadbirkorlarning kelgusi faoliyatlarini yuritishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi.