Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Sardor Sodiqov poytaxtdagi bozorlar rahbarlari («bozorkomlar») ishi bo‘yicha majlis boshlanishidan oldin «Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipovni sud zalidan chetlashtirdi.

18 aprel kuni 14:00 da Toshkentdagi bir qator bozorlar rahbarlari hamda shahar departamenti amaldorlariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi rejalashtirilgan edi.

Majlis oldidan muxbir sudya kotibidan sud jarayoni audiosini yozib olish uchun diktofondan foydalanish mumkinligini so‘raydi. Kotibning iltimosi bilan unga jurnalist guvohnomasi ko‘rsatiladi.

Sudya Sardor Sodiqov zalga taxminan 15:16 da kirib keldi. Bu vaqtda binoda 70 nafarga yaqin kishi, jumladan 11 nafar sudlanuvchi (ish bo‘yicha jami 22 kishi sudlanmoqda — tahr.) va 12 nafar advokat yig‘ildi. Sudlanuvchilardan birining advokati majlis oldidan sudyaga jurnalistlar zalni tark etishini so‘rab murojaat qildi. U mazkur ishning ommaviy yoritilishini istamagan o‘z himoyasi ostidagi shaxsning aybsizlik prezumpsiyasi masalasini tilga oldi.

Sardor Sodiqov jurnalistlarga majlisda ishtirok etishni taqiqlay olmasligini ma’lum qildi, biroq hukm chiqarilguniga qadar ish OAVda yoritilmaslik shartini qo‘ydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukm chiqarilganidan so‘ng press-brifing tashkil etilib, jarayon tafsilotlari ma’lum qilinadi.

«Gazeta.uz» muxbiri esa sud majlisining ochiq ekani, qonunchilikka ko‘ra, ochiq sud majlislarida ishtirok etish hamda jarayonni yoritish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.

Sudya jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi Baxtiyor Islomovning yaqindagi chiqishini esga oldi. Yunusobod tumanining sobiq hokimi v. b. Baxtiyor Abdusamatov ishi bo‘yicha izoh berar ekan, u barcha OAV sud tartibida aybi isbotlanguniga qadar aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishi кераклиgiни qayd etib o‘tgan edi.

«Hech kim shaxsni poraxo‘r deb atash huquqiga ega emas, u aybdor emas deb hisoblanadi. Ayrim ommaviy axborot vositalari esa aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilmaydi. Biz ulardan qonunchilik bilan tanishib chiqish va ularga rioya etishni talab qilamiz», — degan edi u.

Shu bilan birga, Baxtiyor Islomov jurnalistlar Baxtiyor Abdusamatov ishi bo‘yicha ochiq sud majlislarida erkin ishtirok eta olishlari mumkinligini ta’kidlagandi.

Jurnalist ishni yoritish vaqtida ushbu tamoyilga rioya etish maqsadida ekanini ma’lum qildi. Sardor Sodiqov boshqa advokatlar va sudlanuvchilardan o‘zining «Gazeta.uz» muxbirini zalga qo‘ymaslik to‘g‘risidagi iltimosini qo‘llab-quvvatlashini so‘radi. Ulardan ayrimlari, jumladan zaldagi ko‘pchilik odamlar uning g‘oyasini ma’qulladi.

Sudya yana bir marta jurnalist majlisda ishtirok eta olishini, biroq uni keyinchalik yorita olmasligini ta’kidladi. Muxbir esa, shunga qaramasdan, sud majlisi haqida yozishini ma’lum qildi. Bu gapdan so‘ng Sardor Sodiqov uning zalni tark etishiga buyruq berdi. Asoslar haqida so‘zlar ekan, u O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksiga murojaat qilib, ochiq sud majlislarida alohida shaxslarni sud zalida bo‘lishini taqiqlash huquqiga ega ekanini ta’kidladi.

JPKning 19-moddasiga (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) muvofiq, barcha sudlarda jinoyat ishlari oshkora ko‘riladi, bundan davlat sirlarini qo‘riqlash manfaatlariga zid keladigan hollar, shuningdek jinsiy jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilayotgan hollar mustasno.

Sud majlisi zalida tartibni saqlab turish uchun zarur bo‘lgan hollarda, sud ayrim shaxslarning sudning ochiq majlislarida hozir bo‘lishini taqiqlashga haqli. Biroq «Gazeta.uz» muxbiri hech qanday tartiblarni buzgani yo‘q edi.

Bundan tashqari, xuddi shu moddada sudlarda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi prinsipini cheklaydigan qo‘shimcha talablarni joriy etish taqiqlanadi, bundan ushbu Kodeksda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollar mustasno ekani qayd etib o‘tilgan.

«Jurnalislik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasi (jurnalistning huquqlari) bo‘yicha jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida sudlarning ochiq majlislarida hozir bo‘lish, axborotni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash va tarqatish huquqiga ega.

Aybsizlik prezumpsiyasi masalasiga kelsak, jurnalist qaysidir faktni noto‘g‘ri talqin qilishi yoki sudlanuvchini obro‘sizlantirishi mumkinligini da’vo qilish adolatsizlikdan boshqa narsa emas. Zotan, xuddi shu qonunning 15-moddasiga muvofiq, jurnalist o‘zi tayyorlayotgan va tarqatayotgan xabarlar hamda materiallarning haqqoniy bo‘lishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardir. Jurnalistni aybsizlik prezumpsiyasini buzishi mumkin degan ehtimol bilan sud zalidan chiqarib yuborish hali OAVda ishni yoritmagan muxbirga nisbatan xuddi shu prinsipning buzilishi hisoblanadi.

Sudlanuvchilar manfaatlarini himoya qilar ekan, davlat byudjetiga zarar yetkazilgani ehtimoli bo‘lib turgan qonunbuzarliklar to‘g‘risida axborot olish huquqiga ega bo‘lgan aholining qolgan qismi huquqlari cheklanayotganini ham hisobga olish zarur.

Jumladan, avgustda Bosh prokuratura iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar sodir etganlik aybi bo‘yicha poytaxtdagi bir qator bozorlar rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘adi. Ular sifatsiz mahsulotlarni sotib olish va ularning buzilishiga yo‘l qo‘yish orqali davlatga 27,7mlrd so‘mlik zarar yetkazish; bozorlar hududida pulli xizmatlarni ko‘rsatishdan tushgan 3 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘larni inkassatsiya qilmasdan o‘zlashtirish; aniqlashtirilmagan va noqonuniy qurilmalar (omborlar va yengil konstitutsiyalar) faoliyatidan tushgan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘larni o‘zlashtirish; savdo nuqtalari faoliyatidan tushgan ijara to‘lovlarini topshirmaslik yo‘li bilan 1 mlrd so‘mdan ortiq davlat mablag‘larini talon-taroj qilish; savdo nuqtalarini sotishda tadbirkorlardan 2 dan 5 ming dollargacha miqdoridagi noqonuniy mukofot pullarini olish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Konstitutsiyaning 113-moddasiga muvofiq, hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.

Hamma sudlarda ishlarning ochiq ko‘rilishi deganda sud majlislarida fuqarolarining ishtirok etishi, sud jarayonlari va ular yakunlarining OAVda yoritilishini nazarda tutadi. Sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, ular ustidan samarali jamoatchilik nazoratining o‘rnatilgani sud jarayonining barcha ishtirokchilarining huquq va erkinligini ta’minlaydi.

Sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishdagi shaffoflik tamoyili fuqarolarning qonunlarga amal qilishi va huquqbuzarliklarga nisbatan toqatsizligini ta’minlashdagi vazifalarning samarali va keng ko‘lamda ado etilishiga xizmat qiladi.