2019 yil 5 aprel kuni Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq quyidagilarni amalga oshirishda Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan (Reyestr) ko‘chirma «yagona darcha» tamoyili asosida beriladi:

ko‘chmas mulk bitimlarini notarial tasdiqlashda (ko‘chmas mulkning bir qismiga bo‘lgan huquqlar bundan mustasno);

«E-IJRO AUKSION"da ko‘chmas mulkni auksion orqali sotishda;

noturar ko‘chmas mulk bo‘yicha rieltorlik tashkilotlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatishda;

arzon uy-joylar qurishda qatnashayotgan banklar tomonidan — qurilishi tugallangan uy-joyni rasmiylashtirishda.

2019 yil 1 sentyabrdan Toshkent shahridagi, 2020 yil 1 yanvardan respublikaning barcha hududlaridagi ko‘chmas mulkka nisbatan huquqlar haqidagi ma’lumotlar Reyestrga faqat elektron shakldagi kadastr pasporti tayyorlanganidan keyin notariuslar tomonidan elektron kiritiladi va mulkdorga Reyestrdan ko‘chirma beriladi.