Jazoir prezidenti Abdul-Aziz Buteflika Konstitutsion kengashiga davlat rahbarligidan iste’foga chiqayotganini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Prezident o‘z iste’fosini noroziliklarni to‘xtatish niyatida ekanligi bilan izohladi. «Mening qarorimdan maqsad — fuqarolarni xotirjam qilish. Shundagina ular Jazoirning yorqin kelajagiga o‘ta olishadi», — deyiladi Buteflikaning Konstitutsion kengashga yuborgan maktubida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi ziddiyatli vaziyat va o‘zaro bir-birini ayblashlar yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday holatda davlatning asosiy vazifasi fuqarolar va ularga tegishli narsalarni saqlashdir.

Yaqin vaqt ichida Buteflika bilan xayrlashishni muhokama qilish uchun Konstitutsion kengashning yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

82 yoshli Abdul-Aziz Buteflika 1999 yildan beri almashtirishlarsiz mamlakatni boshqarib kelayotgan edi. Sog‘lig‘ida jiddiy muammo bo‘lishiga qaramay u beshinchi bor saylovda qatnashmoqchi bo‘lgandi. Biroq ommaviy noroziliklar sababli u o‘z qaroridan qaytdi va iste’foga chiqdi.