Toshkentning Chilonzor tumanidagi «Chilonzor buyum savdo» va «Do‘stlik savdo majmuasi» bozorlari hamda Shayxontohur tumanidagi «Toshkent savdo markazi» (GUM) hududiga sinov tariqasida favqulodda xizmatlarni chaqirish tugmalari o‘rnatildi. Bu haqda Toshkent IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Majmua kuzatuv kameralari, mikrofon va chaqiruv tugmasidan tashkil topgan. Tugma va mikrofon o‘rtasiga operator suhbatdoshini ko‘rishi uchun mitti kamera joylashtirilgan. Qurilmadagi taxtachaga foydalanish qo‘llanmasi tushirilgan.

Sinov yakunlariga ko‘ra favqulodda chaqirish majmualari Toshkentning boshqa jamoat joylariga ham o‘rnatiladi.