O‘zbekiston tashqi qarzining umumiy hajmi 2018 yil boshidan 9,5 foizga yoki 1,5 mlrd dollarga oshgan holda 2019 yil 1 yanvar holatiga 17,3 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida so‘z boradi.

Xususiy tashqi qarz salmog‘i 7,2 mlrd dollar yoki 42 foiz, davlat tashqi qarzi 10 mlrd dollar yoki 58 foizni tashkil etmoqda. Xususiy sektor tashqi qarzi bosh kompaniyalar tomonidan taqdim qilingan qarzdorliklarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston hukumati kafolatisiz olingan tashqi qarzdorliklarni o‘z ichiga oladi. Xususiy sektorning tashqi qarzi bo‘yicha ma’lumotlar tijorat banklari tomonidan taqdim qilinadi.

Xususiy tashqi qarzda neft-gaz va energetika sektori katta ulushga ega — 5,3 mlrd dollar yoki 75 foiz. Undan keyingi o‘rinda bank sektori bormoqda — 978,2 mln dollar yoki 15 foiz.

2018 yilda davlat sektorida qarzdorlik 2,5 mlrd dollarga o‘sgan bo‘lsa, xususiy sektorda 977,3 mln dollarga kamaygan. Bunda davlat tashqi qarzi yangi qarzdorliklar hisobiga o‘sishda davom etgan.

O‘tgan yili xususiy sektorga jami 866,1 mln dollarlik qarzdorlik jalb qilingan. Qarzdorlikning 588 mln dollari banklar, 76 mln dollari neft-gaz va energetika korxonalari, 57 mln dollari — to‘qimachilik korxonalari va 145,1 mln dollari — iqtisodiyotning boshqa sektorlari tomonidan jalb qilingan.

Umumiy tashqi qarz o‘zgarishlari tahlili 2012−2015 yillarda ham davlat, ham xususiy qarz sektorida qarzdorlikning o‘sganini ko‘rsatmoqda. Biroq 2016 yildan boshlab xususiy sektorda mavjud tashqi qarzlarni qoplash darajasi jalb qilingan qarzdorlik miqdoridan ortib borgani kuzatilmoqda. Mazkur holat 2019 yil so‘ngiga qadar davom etadi.

Shuningdek, ko‘rilayotgan davr uchun xususiy tashqi qarz bo‘yicha 1,3 mlrd dollar miqdorda asosiy qarz va 366,6 mln dollar miqdorda foiz to‘lovlari amalga oshirildi, davlat tashqi qarzlari bo‘yicha esa mos ravishda — 397,7 mln dollar va 151,3 mln dollar to‘landi.